Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 17-сентябрь 2024, 09:41
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va o‘qituvchilar qadr-qimmatini davlat kafolatlaydi

Ma’lumki, ilmni yetkazishda o‘qituvchilarning  alohida o‘rni bor. Garchi, bugun axborot texnologiyalari yordamida zarur ma’lumotlarni izlab topish ham, ular orqali bilimlarni o‘zlashtirish ham mumkin. Lekin aynan o‘qituvchi-murabbiylar, oliygoh professor-o‘qituvchilari odamlarning ongu tafakkurini o‘zgartiruvchi kuchdir. Bu esa yillar davomida o‘z isbotini topgan  hayotiy haqiqat bo‘lib, hech kim buni inkor eta olmaydi.

Shundan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va o‘qituvchilarning sha’ni hamda qadr-qimmatini himoya qilishga doir qator muhim huquqiy asoslar o‘z ifodasini topgani shu soha vakili sifatida meni quvontirdi.
Ayni kunlarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum oldi yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi o‘zgarishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu tadbirlarda O‘zbekiston va uning fuqarolari  faravonligini ta’minlashga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiluvchi Bosh qomusimizdagi o‘zgartirishlar har bir sohani qamrab olganiga alohida urg‘u berilmoqda. 
Yuqorida ta’kidlaganimdek, yosh avlod tarbiyasida ustoz va ta’limning o‘rni beqiyosdir. Ayni shu muhim masalalar, loyiha matnida o‘z ifodasini topgan. Ta’lim sohasi, xususan, fuqarolarning maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida tahsil olishi, o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir qator muhim huquqiy asoslar keltirib o‘tilgan.  
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi matnidagi maktab va maktabgacha ta’lim sohasiga oid 50- va 52-moddalarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar juda muhim hisoblanadi. Masalan,  unda davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi,  alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar inklyuziv ta’lim-tarbiya bilan ta’minlanishi o‘z aksini topgan. Shu bilan birga, davlat o‘qituvchilarning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi kabi masalalar ham  tilga olingan.  
Yana bir muhim masala shuki, unda  pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi ham mas’uliyatli vazifasidir. Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, degan normalar bilan boyitish taklif qilingan.  
Shuningdek,  kiritilayotgan yangi normalardan yana biri – iste’dodli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar ta’lim olishlarini davom ettirishlarini davlat o‘z zimmasiga olayotganligi hamda qo‘llab-quvvatlayotganligidadir.
Keyingi besh yil ichida yurtimizda yosh avlodni, xususan, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga keng e’tibor berilmoqda. Ularni har tomonlama ko‘mak bo‘lish maqsadida mamlakatimizda “Yosh kitobxon” va “Zakovat” tanlovlari o‘tkazilmoqda. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi  va iqtidorli yoshlarning xorijiy nufuzli ta’lim muassasalarida tahsil olishlari yo‘lida “El-yurt umidi” jamg‘armalari faoliyati davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlash lozim.
Yangi Konstitutsiya loyihasida “Ta’lim bo‘yicha alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiya tashkil etiladi” degan qo‘shimcha kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bunda esa alohida ta’lim ehtiyojlariga muxtoj bo‘lgan shaxslarning jamiyatga integratsiyalashuvida inklyuziv ta’limni davlat doimiy kafolatlash majburiyatini oladi. 
Umuman olganda, Yangilanayotgan Bosh qomusimiz loyihasida barcha yo‘nalishlar qatorida yoshlar ta’limi va o‘qituvchilar qadr-qimmati tom ma’noda huquqiy jihatdan himoyalangan va davlat doimiy kafolatlash majburiyatini oladi. 
Shu sababli, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum oldi tadbirlari qizg‘in siyosiy jarayonga aylandi. Bu tadbirlar joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumining o‘tkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, shu zaminning har bir fuqarosini o‘z huquqidan foydalangan holda referendumda faol ishtirok etishga chaqiraman.


Elzara YUZLIKAEVA,
Toshkent shahar, Yunusobod 
tumanidagi 246-maktab direktori.