Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 17-сентябрь 2024, 09:41
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Bolalar – dunyoni shodlikka to‘ldiruvchi moʻjiza


Bolalik – podsholik. Bu davrni bejiz podsholikka o‘xshatishmaydi. Chunki bolalik har bir oila quvonchi va dunyoni shodlikka to‘ldiruvchi moʻjizadir.
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida mamlakatimizda keng nishonlanishi ham bu jajji yuraklarning hayotimizga sehrli va betakror lahzalarni in’om etishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ajab emas.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 246-maktabda ushbu sana munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tantanasi ham ana shunday tadbirlardan biri. Ustozu o‘qituvchilar va o‘quvchilarni bir maqsadga birlashtirgan ushbu tantanada ularning yutuqlari e’tirof etilib, bayram tilaklari bildirildi.
Maktab direktori Elzara Yuzlikayevaning ta’kidlashicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida yosh avlodga puxta ta’lim-tarbiya berishdek ustuvor vazifalar mujassam. Mamlakatimizda yoshlar kelajagi yo‘lida yaratilayotgan qulayliklar tahsinga sazovordir.
– Shu talablardan kelib chiqib, o‘quv dargohimizda o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish, ular iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida bir qator to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, – dedi E.Yuzlikayeva. – Bugun 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan tashkil etilgan tadbirdan asosiy maqsadimiz shuki, o‘quvchilarimizga quvonch ulashish bilan bir qatorda davlatimiz rahbarining ta’lim-tarbiya sohasiga qaratayotgan e’tibori tufayli navqiron avlodni ma’naviy yetuk qilib tarbiyalash va o‘qitish uchun mamlakatimizda barcha sharoit mavjudligini yana bir karra namoyon etishga qaratilgan. Bilim dargohimiz kuchli salohiyatga ega va bu yerda o‘z fanining haqiqiy jonkuyarlari mehnat qiladi. Ular 3 ming 438 nafar o‘quvchiga puxta bilim beradi. Maktab o‘quvchilari orasida 56 nafar o‘quvchi chet tilini o‘rganish bo‘yicha IELTS imtihonini topshirgan va ular orasida 7,5-8 ball olganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ana shunday to‘plangan salohiyat va katta tajriba tufayli bitiruvchilarning 25 foizi xorijdagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yil esa 11- sinfni 252 nafar o‘quvchi bitirayotgan bo‘lsa, ularning 16 nafari oltin medal bilan tamomlayapti. 9-sinfni tugatayotganlar 321 nafarni tashkil etadi.
Ayni kunlarda maktab o‘quvchilari yozgi ta’tilga chiqqan, lekin ular uchun mavsumni mazmunli o‘tkazish maqsadida 6 iyun kunidan boshlab, bu yerda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunday imkoniyat esa birinchi sinfni tamomlagan Tigran Xudoyan uchun quvonchli xabar bo‘ldi. To‘g‘ri, u bu yerda sevimli mashg‘uloti – xokkey bilan shug‘ullana olmasa-da, lekin o‘zi qiziqqan fanlardan to‘garakka qatnashishga yaxshi imkoniyat bo‘ldi.
– Maktabimizni, ustozlarimni juda yaxshi ko‘raman, – dedi u biz bilan suhbat chog‘ida. – Sportning xokkey turi bilan shug‘ullanib, birinchi o‘rin sovrindori bo‘ldim. Bundan juda xursandman. Niyatim yana baland cho‘qqilarga chiqish. Bugun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan tadbir menga juda yoqdi. Sovg‘alar berishdi. O‘zimiz ham she’rlar aytdik. Endi bu yerda to‘garaklarga qatnashmoqchiman.
O‘yin-kulgu, ashula va raqslar ijrosi murg‘ak ko‘ngillarga olam-olam quvonch baxsh etgan bo‘lsa, ulashilgan sovg‘alar ular uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi.

Nasiba ZIYODULLAYEVA, O‘zA